TOSHKENT VILOYATI XALQ TA'LIMI XODIMLARINI QAYTA TAYYORLASH VA ULARNING MALAKASINI OSHIRISH INSTITUTI

Sivilizatsiya rivojlangan sari inson tafakkurida texnokratik yondashuv yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi hamda gumanistik g‘oyalarning himoyaga muhtojligi sezildi.

Hozirgi paytda insoniyatning asosiy maqsadi – ezgulik, adolatparvarlik, insonparvarlik, tolerantlik g‘oyalari ostida bahamjihat yashashni o‘rganishdir.

Buni anglagan holda, biz ta'lim texnologiyalarimizni qaytadan ko‘rib chiqdik hamda ularni ilg‘or nazariyalar va metodlar bilan boyitishga harakat qildik.

Negaki, ilg‘or pedagogik nazariyalar va texnologiyalar mohiyatida insonning tabiiy ruhiyatidan kelib chiqib, unga azob bermasdan, uning shaxsiy erkinligini hurmat qilgan holda yondashish, individning o‘z-o‘zini baholash darajasini, o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirish, tashqi va ichki motivatsiyalar uyg‘unligini ta'minlash g‘oyalari yotadi.

To‘g‘ri ishlab chiqilgan ta'lim texnologiyasi asosida tashkil qilingan dars samarasi yuksak va ular quyidagi hosilalarni beradi:

  • Shaxsning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi osonlashadi;
  • Shaxsning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortadi;
  • Shaxsda tolerantlik (boshqalarning fikrini hurmat qilish, sabrlilik) tuyg‘usi shakllanadi.

Ma'lumki, pedagogik faoliyatni takomillashtirishda chet mamlakatlar tajribasidan foydalanish juda muhim.

Bu xususiyat institut o‘z oldiga qo‘ygan quyidagi maqsadlarda ham o‘z aksini topgan:

  • Integratsiya jarayonining munosib subyektiga aylanish;
  • Zamon bilan hamnafas bo‘lish;
  • Tinglovchilarni hozirda mavjud eng ilg‘or ilm-fan yutuqlari, o‘qitish texnologiyalari bilan tanishtirish hamda ularni o‘zlashtirishga ko‘maklashish.

Institut Ustavining xalqaro faoliyatga doir 48-moddasida mazkur hujjatda ko‘zda tutilgan faoliyatlar doirasida va O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartib-qoidalarga asosan xalqaro hamkorlikni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Institutning xalqaro hamkorlik tizimida ishtirokini ta‘minlash hamda xorijiy pedagoglar bilan tajriba almashish, ta'lim tizimining potentsialini kuchaytirish maqsadida Xalqaro aloqalar ishlari bo‘yicha Nizom ishlab chiqilgan.

Keyingi yillarda institutda mazkur yo‘nalishda ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirildi.

Institut professor-o‘qituvchilarining aksariyati xalqaro tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan seminar-treninglarda, kurslarda o‘qib, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirganlar, ko‘pchiligi xalqaro trener maqomiga ega.

Ushbu o‘qishlar mahsuli o‘laroq professor-pedagoglarda zamonaviy ta'lim va unga qo'yilayotgan talablar haqida yaxlit manzara shakllandi.

Hozirda institut kafedralari va professor-o‘qituvchilari tomonidan YuNISЕF, YuNЕSKO, Kamolot YOIH, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, Gyote instituti, Nemis tili o‘qituvchilari assotsiatsiyasi, “Makmillan” ingliz tili darsliklari nashriyoti, Fransiya madaniyat markazi, Respublika til markazi, Rossiya, Fransiya, Yaponiya, Koreya davlatlari elchixonalari, “Iste'dod” jamg‘armasi, Rossiya madaniy aloqalar markazi, “Alfa i Omega” o‘quv markazi, Qizil yarim oy jamiyati, inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, “El-Xolding” IICHB, ijtimoiy ta'lim markazi bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

Mazkur hamkorlik asosan quyidagi yo‘nalishlarda olib borilayapti:

  • o‘qituvchilarga o‘quv-uslubiy yordam berish (Respublika til markazi, Makmillan);
  • ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilmiy-amaliy konferensiyalarda ishtirok etish;
  • xodimlarning kasbiy malakalarini oshirish (Suvalki shahri ta'lim markazi (Polsha), Vilnyus maktablarni rivojlantirish markazi);
  • uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil qilish;
  • madaniy markazlar negizida turli tadbirlar tashkil qilish;
  • ko‘riklar, tanlovlar o‘tkazish (Kamolot YOIH, inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz);
  • darsliklar va ta'lim dasturlarini takomillashtirish (Qizil yarim oy jamiyati);
  • lektor sifatida faoliyat olib borish (Iste'dod, Kamolot);
  • joylarda ko‘chma mashg‘ulotlar, seminarlar tashkil qilish (nemis tili o‘qituvchilari assotsiatsiyasi, Makmillan, Gyote instituti, Roszarubejsentr);
  • darsliklar, uslubiy adabiyotlar, tarqatma materiallar, ko‘rgazmali qurollar tayyorlash (El-Xolding, “Alfa va Omega” o‘quv markazi);
  • darsliklar, uslubiy adabiyotlarni nashr etishga ko‘maklashish (bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, “Iste'dod” jamg‘armasi);
  • grantlar bo‘yicha ishlash (YuNISЕF).

Shuningdek, institutda “Ziyokor” – ta'lim sohasida faoliyat yurituvchilar ijodiy markazi nodavlat tashkiloti faoliyat olib bormoqda. Markaz boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida ta'limni rivojlantirish sohasida turkum seminarlar o‘tkazmoqda.

 

BIZNING MANZIL

100070, Toshkent shaxri, Yusuf Xos Xojib ko'chasi, 64-uy

Tel/Faks: 
(0371) 255-33-28,

(0371) 255-33-07

e-mail:  This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.

Saytning oldingi ko'rinishi

2011 MALAKA OSHIRISH INSTITUTI - INSTITUT HAQIDA. TOSHKENT VILOYATI XALQ TA'LIMI XODIMLARINI QAYTA TAYYORLASH VA ULARNING MALAKASINI OSHIRISH INSTITUTI
Powered by Joomla 1.7 Templates